Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalariga alohida mezonlar asosida xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi joriy qilingan edi.
Bu yil mamlakatimizda xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomani qo‘lga kiritgan ko‘plab xotin-qizlar mazkur imkoniyatdan foydalanib, talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganlaridan benihoya shod. Bu yo‘sindagi imkoniyat va imtiyozning samarasi tahsil paytida albatta, o‘z natijasini ko‘rsatishi aniq. Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun berilgan keng imkoniyatlardan biri shu bo‘ldiki, bu 2020/2021 o‘quv yilida xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga berilgan grant o‘rinlarining 4 foizi miqdorida qo‘shimcha davlat granti ajratilganidir.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakultetining iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha talaba bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan Zilola Raximovaning shodligiga shodlik qo‘shish uchun institut prorektori Ruzimurat Choriev, xuddi shu fakultetning dekani Rashid Hakimovlar uning xonadoniga tashrif buyurdi. Yurtboshimiz tomonidan xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalari imkoniyatidan foydalanib talaba bo‘lgani bilan Zilola Rahimovani qutlab institut rektorining imzosi va muhr bilan tasdiqlangan tashakkurnoma, birinchi raqamli talabalik guvohnomasi va kitoblar jamlanmasini topshirish asnosida unga imkoniyatlar yaratgan barcha yaqinlariga minnatdorchilik bildirildi.
– Men o‘tgan yili ham o‘qishga hujjat topshirgandim, – dedi Zilola. – Lekin shartnoma asosida o‘qishim mushkul bo‘lgani uchun o‘qiyolmadim. Baxtim bor ekanki, bu yil Prezidentimiz tomonidan berilgan imtiyoz va tavsiyanoma tufayli davlat granti asosida o‘qishga muvaffaq bo‘ldim. Yurtboshimizdan minnatdorman, ular ishonchini to‘la oqlashga intilaman.
Zilola singari qizlarning o‘ziga, bilimiga ishonchi va tinimsiz izlanishi, a’lo baholarga o‘qishi davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan imkoniyat va berilgan imtiyozga munosib tuhfa bo‘lishiga aminmiz.
Rahimboy JUMANIYOZOV, Institut matbuot xizmati rahbari