Suxandon - so‘z sehrgari

Ijodiy uchrashuvlar ham aslida, noan’anaviy dars o‘rnida  ahamiyatlidir. Uning ta’sir kuchi ham zavqli, ham shavqli bo‘ladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, har kuni bir xil taom yeydigan inson axiyri, zada bo‘ladi, tab’i tirriq bo‘ladi. Shu bois turli iste’dod sohiblari bilan uchrashish ta’lim jarayonining sifati va samarasiga daxldordir. So‘z, nutq, til hodisasi qudratli qurol. Undan unumli foydalana olish muvaffaqiyatlar eshigini ochadi va ayni paytda, innovatsion ixtirolarga garovdir. 

Xuddi shu ma’noda, suxandon so‘z sehrgari va zargari sifatida nutqdan o‘rinli foydalanishi, nozik his etishi bilan alohida ajralib turadi. So‘z o‘rnida, sidqidildan va vaqtida aytilgani bilan mohiyat kasb etadi.

Shoir, diktor, ijodkor inson Muslimbek Yo‘ldoshev bilan institutimiz jamoasi, pedagog va talabalar orasidagi ijodiy muloqot samimiy tarzda kechdi. "Ibratli, ijodkor insonlar" ruknidagi uchrashuvning navbatdagi sonida mehmoni bo‘lgan Muslimbek aka o‘zining hayotiy va ijodiy faoliyati misolida so‘z xosiyati va nutq mohiyati, diktorlik san’ati borasida qimmatli mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Ular "Siz meni taniysiz", "Ko‘nglim koshonasi", "Mo‘minga begona bahor", "Diydor shirin", "Suxandonlar" kabi 10ga yaqin kitoblarning muallifi sifatida o‘z kabdoshlariga mehr va sadoqat bilan qaraydigan xokisor insondir. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali diktor, "Turon" fanlar akademiyasining akademigi Muslimbek Yo‘ldoshev o‘z ijodidan namunalar o‘qish asnosida talabalarning qiziqqan savollariga javob berib o‘tdi. Tadbir qiziqarli va ancha jonli tarzda, samimiy yo‘sinda tashkil etilgani bilan alohida ajralib turdi.

Muslimbek aka qalamiga mansub bo‘lgan ushbu to‘rtlik o‘zlarining ijod yo‘liga, muxlislariga, nutqqa mehri va muhrigina bo‘lib qolmay, balki yaratganga shukronasi hamdir.

Ollohim, beadad O‘zingga shukur,

Yetqazgan nasiba, ro‘zingga shukur.

Nutqimga qaratding ming-ming qulingni

Qulingga baxsh etgan So‘zingga shukur.

"Gumanitar fanlar" kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov