Raqamli qishloq xoʼjaligiga ilk qadamlar

    2020 yil 22-sentyabrь kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari boʼyicha oʼtgan videoselektor yigʼilishida prezident Shavkat Mirziyoev «Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish boʼlmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni oʼziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur oʼrganishi kerak», - deya taʼkidlagan edi. John Deere kompaniyasi qishloq xoʼjaligini raqamlashtirish boʼyicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan hisoblanadi. John Deere oʼzining Oʼzbekistondagi rasmiy dileri «Landtech» kompaniyasi va institut Qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash fakulteti tashabbusi bilan mamlakatimiz qishloq xoʼjaligini raqamlashtirishga yoʼnaltirilgan xamkorlikni oʼrnatib, yetuk muhandis-mexanik kadrlarni tayyorlash va bunda qishloq xoʼjaligini raqamlashtirish boʼyicha oʼqitish dasturlarini ham amalga oshirmoqda. Shu munosabat bilan 30 oktyabrь kuni shunday loyiha doirasida institutda jahondagi ilgʼor John Deere kompaniyasining Oʼzbekistondagi rasmiy dileri «Landtech» MChJ mutaxassislari va jaxonga mashxur boʼlgan “Indorama” kompaniyasi vakillari bilan seminar tashkil etildi. Unda John Deere kompaniyasi rasmiy dileri, «Landtech» HK MChJ texnik direktori Nil Kinsi, “Indorama” paxtachilik-toʼqimachilik klasterining qishloq xoʼjaligi boʼyicha rahbari Pol Regan, institut birinchi prorektori, professor B.Mirzaev, ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori professor T.Sultanov, fakulьtet dekani Q.Shavazov va fakultet jamoasi ishtirok etdi. Bu loyihani oʼtkazishdan asosiy maqsad raqamli qishloq xoʼjaligini ishlab chiqarishga va albatta soha boʼyicha oʼquv jarayoniga joriy etishdan iborat edi. Tadbir soʼngida professor-oʼqituvchilar va magistrantlar oʼzlarining savollariga batafsil javoblar olishdi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati