Joriy yilning 1 fevral kuni Buxoro davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan “Buxoro viloyatini innovatsion rivojlantirish: muammolar va yechimlar” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etish uchun Buxoro viloyatiga tashrifi davomida, Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev boshchiligidagi Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi hunarmand-ustalar tomonidan yaratilgan traktorni ko‘zdan kechirishdi.Takomillashtirilgan innovatsion traktor akademik Oqil Salimov rahbarligidagi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Shavkat Imomov, Asil Komilov hamda Buxoro viloyati Jondor tumanida istiqomat qiluvchi Shahob Qoryog‘diev, Shuhrat Suvonov bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Traktorga osma va g‘ildirakli traktorlarda avval qo‘llanilmagan yangi tipdagi dempfirlovchi yumshoq qurilma joriy etilgan, u traktorning ish vaqtidagi tebranishlarini 7-8 baravarga kamaytirishga qodir.Ustalarning so‘zlariga ko‘ra o‘rnatilgan dvigatelning quvvati 152 ot kuchini tashkil qiladi, ma’lumki, bunday quvvatli dvigatellarga biogaz qo‘llansa, uning quvvati shunday klassda ishlovchi haydov traktorlari uchun qo‘yiladigan talablarga to‘liq javob beradi. Traktor 4 ta biogaz ballonlari bilan jihozlangan. Traktorning asosiy xususiyatlaridan yana biri shundan iboratki, shu turdagi traktorlar bilan taqqoslaganda sarflanadigan uglevodorodli yonilg‘ini 2 baravarga tejaydi.
Traktorning og‘ir qishloq xo‘jaligi ishlarida (shudgor) samarali ishlashi uchun uning barcha g‘ildiraklari yetakchi qilib tayyorlangan. Umumiy og‘irligi 3200 kg.ni tashkil etadi. Bu esa og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan traktorlar kabi tuproqni zichlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.Shuningdek, yangi traktor yaratuvchilari ixtironi belgilangan tartibda patentlashga muvaffaq bo‘lishgan. Vazirlik mutasaddilari va ixtirochilar ichki hamda tashqi bozor talablaridan kelib chiqqan holda, mana shunday noyob traktorlar yaratiladigan va modernizatsiya qilinadigan sex tashkil etish xususida fikr almashdilar.
Institut matbuot xizmati Rahimboy Jumaniyozov