Yuksak nufuzli vebinar

Soha bo’yicha mustahkam bilim olish va chuqur ilm qilish uchun albatta xorijiy tajribalarni o’rganish talab etiladi. Bunda esa xorijdagi hamyurtlarimiz bilan doimiy davra suhbatlari va seminarlarni tashkil etish qo’l keladi. Joriy yilning 3 aprel sanasida institutimizda an’anaga aylanib qolgab, dolzarb va qiziqarli mavzular yuzasidan xorijdagi hamyurtlarimiz bilan tez-tez amalga oshirib turiladigan ilmiy-amaliy vebinarlardan biri bo’lib o’tdi. Mazkur vebinar O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) hamda Shvesiya Linköping kommunidagi Yer tuzish korxonasi (“lantmätare”) hamkorligida tashkillashtirildi.

Mazkur vebinar O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili Kamoliddin Bediev moderatorliga olib borildi hamda TIQXMMI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Tohirjon Sultanov, O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi 1-kotibi, konsul Sarvar Kamilov tomonidan ochib berildi. Vebinarning asosiy ma’ruzachisi sifatida hozirgi kunda  Shvetsiya davlatida yashayotgan hamda Yer tuzish korxonasida yer tuzuvchi mutaxassis bo’lib o’z faoliyatini yuritayotgan institutimiz bitiruvchisi, hamyurtimiz  Jamshid Jo’raboyev bugungi kunning dolzarb va zamonaviy muammolariga yechim bo’la oladigan “Yer tuzishda geoxborot tizimidan foydalanish - Shvetsiya misolida” mavzusidagi ma’ruzasi orqali o’zining imiy va amaliy tajribalari bilan o’rtoqlashdi.

Mazkur vebinar davomida respublikamizda yer tuzish, yer kadastri va monitoringi sohasida o’z ilmiy izlanishlarini olib borayotgan yosh olim, doktorant va professor-o‘qituvchilar hamda vebinar ishtirokchilari Yevropaning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblangan Shvetsiya misolida yer tuzish, yer resurslaridan samarali foydalanish va boshqarishda geografik axborot tizimi (GAT)dan foydalanish bo‘yicha atroflicha ma’lumot oldilar. Vebinar so’ngida mavzu yuzasidan ishtirokchilar tomonidan yo’llangan savolarga Jamshid Jurabaev atroflicha javob berib o’tdi, shuningdek, soha bo’yicha ilmiy ish olib borayotgan yosh olimlarga bir qator kerakli maslahatlar berib o’tdi.

“Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi tayanch doktoranti Zohid Mamatqulov axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati