Tarix taqdirlardan iborat. Shunday tarixiy shaxslarning taqdiri muayyan xalq hayoti va davri bilan bog‘lanib ketadiki, ularni o‘sha zamon bilan ayricha tasavvur hosil qilish nojoiz. Mardlik va adolat ramzi sohibqiron Amir Temur qismati o‘zbek xalqi tarixida muhim o‘rin tutgani rost.
4-aprel kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumani Yoshlar ijod markazi, Turon akademiyasining So‘x tumani filiali va TIQXMMI "Gumanitar fanlar" kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan "Amir Temur-buyuk davlat arbobi va sarkarda" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda tarix fanlari doktori, professor Shohista O‘ljaeva ma’ruza qildi. Sh.O‘ljaeva Amir Temurning tavalllud kuni arafasida So‘x yo‘li ochilgani bilan tuman faollari va ular orqali butun so‘xliklarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi. Butun o‘zbek xalqi So‘xdagi voqealarni hayajon bilan kuzatmoqda va xalqimiz Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevdan minnatdor. Sh.O‘ljaeva Amir Temur davrida So‘x gullab-yashnagani, bu yerda farovon hayot ta’minlangani, adolat va qonun ustuvorligi o‘rnatilgani, bu uchrashuvning o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi. U Amir Temur davridagi ichki va tashqi hayot, diplomatiya, ma’naviy-axloqiy asoslar, me’morchilik va boshqa sohalardagi o‘zgarishlarni va ular tufayli ikkinchi Renessans paydo bo‘lganini gapirib o‘tdi.
Bugun ham Amir Temur davridagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy asoslar rivojlanayotgani va aynan Uchinchi Renessansning shallanishida tarixiy qadriyatlar asos bo‘lib xizmat qilayotgani haqida so‘zladi. Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Qiyomiddin Nazarov so‘zga chiqdi va u Amir Temur davri, o‘sha davrda shakllangan falsafiy muhit haqida mulohaza yuritdi. Imom Buxoriy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi professori Baxtiyor To‘raev, iqtidorli o‘quvchilar litseyi direktori Farhod Jo‘raev, Shahrisbazdagi Amir Temur muzeyi direktori Nabijon Xushvaqtovlar ham ushbu sana va tadbirning mohiyati haqida gapirib o‘tdilar. Tadbir yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
GIM fakulteti “Gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti.
TIQXMMI matbuot xizmati