Ural federal universitetining rektori va birinchi prorektori institutimizga tashrif buyurdi

Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik asosan, ilmiy-pedagogik va ta’limiy mazmunda bo‘lishi tabiiy. Ikki tomonlama bu harakat o‘zaro manfaatdorlik zamiriga qurilishi keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Institutimizga Ural federal universitetining rektori Koksharov Viktor Anatolevich va birinchi prorektori Ponomaryov Aleksandr Vladimirovichlar tashrif buyurishdi.

Institutimiz rektori O‘.Umurzakov va prorektor hamda fakultet dekanlari ishtirokida videokonferensiya zalida ular bilan o‘zaro muloqot tashkil etildi. Uchrashuv oldidan institut hayoti aks etgan videorolik namoyish etildi. So‘ngra “Rus tili xalqaro til sifatida” hamkorlikdagi faol loyiha yuzasidan fikr almashildi.

UrFU TIQXMMI instituti talabalarini tillar yozgi maktabiga qabul qilishga hamda ta’lim muassasamiz o‘qituvchilarini umumiy va ixtisosligi bo‘yicha malakasini oshirish va tashkillashtirishga tayyor ekanligi ta’kidlandi. UrFU jurnallarida maqolalarni chop ettirish, konferensiyalarda ishtirok etish, institutimiz talabalarini UrFU doktorantura dasturi asosida Davlat kvotasi bo‘yicha tahsil olishi, “qo‘shaloq diplomlar” dasturini tuzish yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, hamkorlikda neftni qayta ishlash va neft mahsulotlari texnologiyalarini ishlab chiqarish, akademik aloqalar yo‘nalishida rus tilida ta’lim oluvchi talabalar va o‘qituvchilarni almashtirish programmasi, ximiya, fizika, iqtisod, matematika, ekologiya, ijtimoiy bilim va menejment, hamkorlikdagi ilmiy-izlanish ishlarini amalga oshirish va ilmiy ma’lumotlarni almashtirish, kelajakda ish beruvchilar bilan oliy o‘quv yurti talabalarining ishga joylashish bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikda xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish kabi masalalar xususida fikr-mulohazalar almashishdi. Tadbir har ikkala tomon uchun manfaatli tarzda kechdi.

TIQXMMI matbuot xizmati