Poytaxtimiz azim Toshkent shahrida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ilk bor tashkil etilgan “INNOPROM-2021” Xalqaro savdo ko‘rgazmasi bugun o‘z ishini yakunlaydi. Ekspomarkaz pavilyonlarida 5-apreldan buyon davom etayotgan Xalqaro savdo ko‘rgazmada 100 dan ortiq Respublikamiz va Xalqaro miqyosdagi korxonalar o‘zlarining tovar va xizmatlari taklifi bilan ishtirok etmoqda. Bugun “Gidromelioratsiya” fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh faol talabalari guruh murabbiyi Sanobar Do‘stnazarova boshchiligida ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyurishdi.
Xalqaro savdo ko‘rgazmani aylanish davomida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va еngil avtomobillar, mahalliy korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda polimer materiallar talabalarni o‘ziga ko‘proq jalb etdi. Talabalarning asosiy diqqat markazida esa “Sho‘rtangaz” kimyo korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimi elementlari bo‘ldi. Korxona xodimlari tomonidan taklif etilayotgan tomchilatib sug‘orish shlanglari, tarqatuvchi quvurlar va ulovchi maxsus qismlarning boshqa korxona mahsulotlaridan farqi hamda afzalliklari xususida ma’lumotlar berildi.
Kelgusida “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh talabalarining ushbu ishlab chiqarish korxonasiga tashrifini tashkil etishga va ilmiy-amaliy hamkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Tashkil etilgan Xalqaro savdo ko‘rgazmasi barcha qatnashchilar va tomoshabinlarga mamnun bo‘lmoqda.
GM fakulteti 307-guruh talabasi Azizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati