«Irrigatsiya va melioratsiya» kafedrasi dotsenti Аdham Mamataliyev rahbarligida «Suv xoʻjaligi va melioratsiya» taʼlim yoʻnalishi 402-guruh talabalari Toshkent shahridagi Geologiya muzeyiga tashrifni amalga oshirdilar. Tashrifdan maqsad talabalarni mamlakatimiz geologiya sohasining yutuqlari bilan tanishtirish, bu sohadagi bilimlarini boyitish va kengroq maʼlumotlarga boʻlish imkoniyatini yaratishdan iborat edi.
Muzeylar maʼnaviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda oʻziga xos oʻrin tutadi. Barchamizga maʼlumki, muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlar orqali fuqarolarda, ayniqsa yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bebaho tarixiy va madaniy merosga hurmat, gʻurur va iftixor, Vatanga sadoqat va muhabbat tuygʻularini tarbiyalash va kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Geologiya muzeyining koʻrgazmalar zallarida dunyo ahamiyatiga molik boʻlgan Respublikamizning noyob geologik merosi ekspozitsiyalari mavjud. Muzeyning zallarida eksponatlar va boshqa koʻrgazmalar materiallari namoyish etiladi. Har bir muzeyga keluvchilar muzeydagi saqlanib qoʻyilgan tarixiy obidalarni hamda tabiiy boyliklarning noyob turlarini koʻrib, oʻzida yurtiga nisbatan gʻurur tuygʻusini his qiladilar. Bu esa barkamol avlodning shakllanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Talabalar muzey eksponatlarini maroq bilan tomosha qildilar. Bu tashrif talabalarda katta taassurotlar qoldirdi.
TIQXMMI matbuot xizmati