Joriy yilning 8 oktyabr kuni 4-TTJ YERB fakulteti 1-4 kurs talaba qizlari bilan Yerdan foydalanish kafedrasi katta o'qituvchisi Z. Hafizova va institut psixologi M.K. Muxamedova “So'zlashish odobi” mavzuida davra suhbati o'tkazishdi. Tadbirda so'zlashish odobining inson hayotidagi o'rni va muhimligi haqida so'z yuritildi. Jamiyatimizda tilga bu qadar katta e'tibor berilishining boisi tilning qalbga yaqinligi, qaysi bir insonning qalbi pok va sof bo'lsa, uning tilidan bol tomib, shirin gaplar chiqishi va bunday kishilarning do'sti ham ko'p bo'lishi, til orqali sodir qilinishi mumkin bo'lgan g'iybat, chaqimchilik, tuhmat va yolg'on guvohlik berish kabilar bilan insonlar o'rtasidagi mehr-muhabbat poydevorini darz ketkazishi, yemirishi mumkinligi ta'kidlab o'tildi.
Yig'ilish ishtirokchilariga inson odob-axloqini go'zal qiladigan omillardan yana biri yaxshilar bilan hamsuhbat bo'lish ekanligi va bunday suhbatlar kishi qalbini ibratli xulq-atvor bilan boyitishi va uni yaxshi ishlarni amalga oshirishga undashi haqida ma'lumot berildi. Yaxshi muomala barcha insonlarning ko'rki va ziynatini oshirishi, qayerda chiroyli muomala bo'lmasa, o'sha yerda, albatta, xato va kamchiliklar sodir bo'lishi, inson boshqalarga beradigan nasihatiga avvalo o'zi amal etishi lozimligi haqida qizg'in suhbat yuritildi. Tadbir: Alloh insonlarga so'zlash ne'matini ato etgani va Ulug' zotlar: “Inson molu dunyosi bilan yaxshilik qilmoqchi bo'lsa, boyligi bir kunda tugab qolishi mumkin. Ammo insonda bir xazina bor, qancha sarflagani bilan tugamaydi. U shirin so'zdir”, degan iboralar bilan yakunlandi.
Institut psixologi M.K. Muxamedova axboroti