9-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida «2020-yil uchun eng yaxshi 20 ta startap» tanlovi g‘oliblari hamda “World innovation youth forum” (WIF) forumi doirasida «Eng yaxshi loyihalar» tanlovi g‘oliblari taqdirlandilar. Uchrashuvda tanlov g‘oliblari, yosh olimlar hamda Yoshlar akademiyasining a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, joriy «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni ilm-fanga qiziqtirish va tadbirkorlikka yo‘naltirish eng muhim omillardan biri bo‘lgani uchun ham aynan yoshlar o‘rtasida turli xil tanlovlarni tashkil etish, shaffof, ochiq mexanizmlar yordamida yosh iqtidor egalarini tanlash va ularni rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etishi haqida o‘z fikrini bildirdi. Tadbirda Gidromelioratsiya fakulteti “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi qoshida tashkil etilgan “Hydroleaders” iqtidorli talabalar jamoasining bir guruh vakillari Hydroleaders jamoasi Sardori Samiev Luqmon Naimovich 2020-yilning eng yaxshi 20 ta startap loyihalari" tanlovida jamoaning yosh ixtirochisi Elmurodov Muhriddin bilan birgalikda ishtirok etishib 50 000 000 so‘m pul mukofoti sovrindori deb topildi.
Shuningdek Hydroleaders jamoasi yosh shogirdlari Tursunqulov Avazbek Odiljon o‘g‘li va Mamatov Valijon Ikromjon o‘g‘li boshchiligida bir guruh talabalar Hydropower loyihasi bilan Xalqaro yoshlar innovatsiya forumi 2020 doirasida o‘tkazilgan "Eng yaxshi loyihalar" tanlovida faxrli 1 o‘rinni egallashdi va 30 000 000 so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
TIQXMMI matbuot xizmati