Mamlakatni yangilash, boshqacha aytganda, modernizatsiya qilish yo‘lidagi dadil qadamlardan biri sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirishdir. Bu yo‘ldagi muhim odim va omil bevosita hakamlik sudlarining faoliyati bilan bog‘liq. Ana shu maqsadning va harakatning ifodasi o‘rnida O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 2006-yil 16-oktyabrda qabul qilinib, 2007- yil 1-yanvardan kuchga kirgan edi. To‘g‘ri, bu sohada ham o‘ziga yarasha murakkabliklar bo‘lganini inkor etish qiyin.
TIQXMMIda tashkil etilgan huquqiy-ma’rifiy tadbir xuddi shu masalaga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi raisi Hamza Xasanovich Mahmudov bilan birga o‘rinbosarlari Lola Maratovna Babaxajaeva, Shakarov Alisher Narboboevich, Mardiev Asomiddin Xazratqulovichlar ishtirok etishdi. Tadbirni prorektor R. Choriyev moderator sifatida boshqarib bordi.
Dastavval, Hamza Mahmudovning hakamlik sudlari haqidagi ma’ruzasi tinglandi. U o‘z nutqida bugungi kundagi faoliyatning kengqamrovli ekani borasida so‘z yuritib, hakamlik sudining xo‘jalik sudlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan farqli jihatlari xususida o‘z mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, hakamlik sudida ishlar tezkorlik bilan hal etilishi, asosiy maqsad taraflarning kelishuviga yo‘naltirilishi hamda taraflar o‘rtasidagi hamkorlik saqlab qolinishi, hakamlik muhokamasining maxfiyligi qonun bilan kafolatlanishi, tomonlar jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi, hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kirishi borasida ham to‘xtab o‘tdi. Davrada ishtirok etgan fakultet dekanlari va professor o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzuga oid savollarni berib to‘liq javob olishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati