Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat ila baquvvat bo‘ladi. Ilmni egallamoq ham farz, ham san’atdir. Ilmni o‘zgalarga ulashmoq esa sharaf hamda savobdir. 2021-yilning 13-oktabr sanasida “Suv xo‘jaligi iqtisodiyoti va menejment” fanidan “Iqtisodiyot” kafedrasi o‘qituvchisi Orifjon Sattorov rahbarligida Gidromelioratsiya fakultetining “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 407-guruh talabalari uchun ochiq dars tashkil etildi. Mazmunli tarzda tashkil etilgan ochiq dars “Narxlar, foyda va ishlab chiqarish rentabelligi” mavzusida olib borildi. Dars boshlangan vaqtda guruh talabalari to‘liq tarkibda o‘quv xonasida jam bo‘lishgan edi. O‘qituvchi tomonidan o‘tgan mavzuni takrorlash va yangi mavzuga kirib borish maqsadida talabalarga “BLITS SAVOLLARI” berildi. Shundan so‘ng zamonaviy pedtexnologiyalarga yondoshgan holda guruh talabalari uchta kichik jamoalarga ajratildi va ular bilan to‘rtta shart bo‘yicha, musobaqa tarzida dars davom ettirildi
Ilmning sarhadi cheksiz, uni sinashning, o‘rganish va o‘rgatishning yo‘llari bisyor. O‘qituvchi tomonidan jamoalar tarzida dars tashkil etish turining tanlanishidan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning fanga qiziqishini har tomonlama oshirish, talabalarni jamoa bo‘lib harakat qilishga o‘rgatish va eng asosiysi g‘alaba tomon intilish hamda ishonch tuyg‘ularini yanada yuksaltirishdan iborat edi. Dars davomida faol ishtirok etgan har bir jamoa a’zolari “RAG‘BAT” kartochkalariga ega bo‘lishdi. Shartlar o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng o‘qituvchi mavzuni umumlashtirgan holda yakuniy xulosalarni berdi. Shuningdek, ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan va har qanday jamiyatning poydevori bo‘lgan “Iqtisodiyot” fanining mamlakat rivojida tutgan o‘rni, bugungi kunda fanda yuz berayotgan yangilik va o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
TIQXMMI matbuot xizmati