Inson hayoti uchun eng zarur narsalar qatorida birinchi non bo‘lsa, ikkinchisi kitobdir. Non insonning moddiy ehtiyojini qondirsa, kitob ma’naviy boylik, o‘zlikni anglash, eng muhimi, insoniy tarbiyaning muhim manbai bo‘lib xizmat qiladi. Aynan tarbiyaviy omilning kitobxonlik darajasi bilan bog‘liqligi mutolaa ishining har qanday davrda ham davlat va jamiyat uchun asosiy masala ekanligini anglatadi. Jumladan, joriy yilning 19 mart kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus mazmuni va uni amaliyotga joriy etish afzalliklari haqida tushunchalarni rivojlantirish, shuningdek, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova tashabbusi bilan institutning katta anjumanlar zalida "Kitobxonlik - ma’naviyat sarchashmasidir” deb nomlangan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova ochib berib, tadbir mehmon ko‘ngillarni qitiqlovchi, dil torlarini chertuvchi satrlari bilan she’riyat shaydolari e’tiborini qozongan iste’dodli shoir “Oqqushginam” va “Baxt beshigi” kitoblari orqali bizga tanish bo‘lgan “O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni sohibi Doniyor Mirzoga so‘z berdi. Doniyor Mirzoni so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga bugungi kunda yurtimizda kitob mutolaasi madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan tanlovlar va ularda ishtirok etish tartiblari haqida ma’lumotlar berdilar. Shuningdek, o‘z she’riy to‘plamidan namunalar o‘qib, talabalarning kitob haqidagi fikrlarini tingladi, shaxsiy kitob javonini yaratish va uni boyitish haqida mulohazalar yuritdi. Tadbir davomida iqtidorli talaba-qizlari Muxammad Yusuf, Abdulla Oripov va Zulfiyaxonim ijodidan o‘zlari yod olgan she’rlarini aytib tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladilar. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar hamisha dolzarb va davomli bo‘lib qoladi.
YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov