Bilimda xosiyat, ilmda mohiyat

Talabalar bilim bilan qurollanar ekan, ilmning amaliy ehtiyoj tufayli bo‘lganini, ishlab chiqaruvchi kuchlarning qanday taraqqiy etganini, texnika va iqtisod sohasidagi yangiliklar, ilmning borgan sari rivojlantira borishni, ilm esa o‘z navbatida hayotni yaxshilishga yordam berishini anglaydilar. Ilmning rivojlanishida tajribaning roli kattadir. Ilmiy nazariyalarning haqqoniyligi amaliyotda sinaladi: uni tajriba yo tasdiqlaydi, yo inkor qiladi. Bunday nazariya bilan tajriba o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni talabalar ilm asoslarini o‘rganish jarayonida fahmlab olishlari lozim. “Ulug‘lik gapda emas boshdan-oyoq, Yarti ish ham yuzta gapdan yaxshiroq” – degan Abdulqosim Firdavsiy.

Bugungi kunda ta'lim tizimida yangilik sifatida "5+1" ta'lim dasturi amaliyotga keng miqyosda tatbiq etilmoqda. Endilikda talabalar oliy ta'lim muassasalarida 5 kun nazariy bilimlarni olishib, 1 kun o‘z mutaxassisliklariga mos bo‘lgan ishlab chiqarish ob'ektlarida amaliyot o‘tashlari mumkin. Yuqorida keltirilgan fikrlarga tayanib, "Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish" kafedrasi va "Bo‘zsuv" irrigatsiya tizimlari boshqarmasi bilan amaliy hamkorlik borasida kelishuv yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda "Bo‘zsuv" ITBda talabalar "5+1" dasturi asosida o‘quv amaliyotini o‘tashlari uchun alohida o‘quv xonasi tayyorlanib, kerakli jihozlar bilan ta'minlangan. "Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish" kafedrasi o‘qituvchilari S.Do‘stnazarova, M.Muxammadiyeva va N.Gadoyevlar "Gidromelioratsiya" fakulteti 3 va 4 - bosqich talabalari uchun "Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish" hamda "Qishloq xo‘jaligi ekinlar hosildorligini bashoratlash" fanlaridan allaqachon o‘quv amaliyot darslarini boshlab yuborishgan. Boshlangan xayrli ishlarida qadrli ustozlar va ilmga chanqoq talabalarga omad hamda zafarlar tilab qolamiz!

GM fakulteti talabasi Azizbek Hasanov axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov