Hamkorlikda ilm ravnaqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-son “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni va 2021-yil - “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida blgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan mazkur bilim yurti o‘qituvchilari, zobitlari va kursantlari institutimizga tashrif buyurdilar.

Bilim yurti o‘qituvchilari (B.Yusupov, J.Xusanova, Z.Amirovalar) hamda kursantlari uchun “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor o‘qituvchilari ishtirokida bir kunlik ko‘rgazmali tanishuv amaliyoti tashkil etildi. Tashrif davomida kursantlarga To‘polong suv omborining harakatdagi modeli, nasos qurilmalari bilan ham tanishtirildi. Tanishuv amaliyoti doirasida bilim yurti o‘qituvchilari va kursantlariga laboratoriya ishlarini bajarish metodikasi va mavjud qurilmalardan foydalanish borasida kafedra professor-o‘qituvchilari va doktorantlari tomonidan “Master-klass” namoyish etildi.

Tanishtiruv amaliyoti jarayonida bilim yurti o‘qituvchi va kursantlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi. Institut Axborot resurs markazidagi sohaga doir yangi o‘quv adabiyotlar bilan tanishdilar. Institutda tashkil etilgan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov muzeyi bo‘lib, shoirning ijodi va uning adabiy merosi bilan ham yaqindan tanishdilar.

 

TIQXMMI matbuot xizmati