“Muvaffaqiyatli ilmiy ish olib borish kaliti” mavzusida interaktiv seminar

Barchamizga ma’lumki, XXI asr har bir insondan yuksak bilimga, o‘tkir zehnga hamda yuqori malakaga ega bo‘lishni talab qiladi. Ayniqsa, talaba yoshlarning ta’lim olishlari bilan birga bunday fazilatlarga ega bo‘lishlari, ularning kelajakda o‘z sohasi bo‘yicha yetuk kadr bo‘lib yetishishlarini kafolatlaydi. Shuning bilan birga, o‘qish mobaynida, qo‘shimcha dars va o‘quv-seminarlarda ishtirok etish ilm dargohida olgan bilimlarni yanada mustahkamlashga yordam beradi. 2020 yilning 16 yanvar kuni TIQXMMIning Xalqaro bo‘limi qoshidagi “SUSADICA – Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish” doktorantura (PhD) maktabi loyihasi xonasida institut talabalari uchun “Muvaffaqiyatli ilmiy ish olib borish kaliti” mavzusida SUSADICA loyihasi kordinatori Nozila Muxamedova tomonidan yangicha usulda interaktiv seminar o‘tkazildi.

Ushbu seminarda institutda ta’lim olayotgan 30 ga yaqin talaba yoshlar ishtirok etishdi. Seminar qiziqarli savol-javob shaklida o‘tkazildi. Seminarda qanday qilib maqola yozish, ilmiy ish qilish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi, tanlanayotgan mavzuning dolzarbligi, bugungi kunda hamda kelajakda jamiyatimiz uchun beradigan foydasi xususida bahs-munozara va fiklar almashildi. Turli xil mavzularda bunday seminarlarni ko‘proq tashkil qilish borasida talabalar o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar. Albatta, bu taklifni inobatga olgan holda, seminarlar har payshanba kuni soat 11:00 da institutimizning 11 -binosi 3 - qavatida talaba-yoshlar uchun tashkil etilishi kelishib olindi.

Menejment ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich magistranti M. Xoliqulov axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov