Barchamiz bilamizki, libos - kishining tashqi ko‘rinishi, ma’naviy dunyosi, tafakkuri hamda ichki xislatlarini o‘zida namoyon eta olish xususiyatiga egadir. Har bir kishi o‘zi kiygan libosi orqali boshqalar tasavvurida kim va qanday odam ekanligini ko‘rsatib beradi. Bugungi kunda yurtimizda kiyinish madaniyatiga bo‘lgan e’tibor talab darajasi sifatida ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda “Ommaviy madaniyat” ta’siri ostida Yevropa mamlakatlarida hozirda urfga kirgan “yirtiq-yamoq” kiyimlarni biz ko‘cha-ko‘ylarda yoshlarimizda ham ko‘rib bormoqdamiz. Ochig‘i, oxirgi paytlarda bularni ko‘raverib, ajablanmay ham qo‘ydik. Joriy yilning 18-fevral kuni institutimiz “Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi” raisi Z. Ismailova, kengash a’zolari Z. Hafizova, institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov, “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti dekani Sh. Narbaev, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova va fakulteti xotin qizlar kengashi raisi O.Ro‘ziqulova, tashabbusi bilan o‘zbek milliy qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan “O‘zbek milliy liboslar”, “Buvijonim kiygan liboslar” ko‘rgazmasi tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibotchisi, Xotin-qizlar qo‘mitasi maslahatchi-eksperti, professor Jamila Toshpo‘latovna Shermuxamedova talaba-qizlar bilan jonli muloqot asosida ishtirok etdi. Ushbu ta’birni o‘tkazishimizdan asosiy maqsad esa yoshlarimizni ma’naviyatida tarixiy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborini oshirish, kelajakda ular barkamol inson bo‘lib tarbiya topishiga erishishdir. Albatta, buning zamirida yoshlarimizning kiyinish madaniyatiga bo‘lgan munosabati yaxshilanadi, shu bilan birga o‘zbek milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda davom etadi. Tadbir davomida talaba qizlar tarixdan qizlarimiz, onaxonlarimiz-u, buvijonlarimiz kiygan milliy liboslardan ko‘rgazmalar namoyish etish bilan bir qatorda har bir viloyatga mansub raqslari bilan yig‘ilganlarni xushnud etishdi.
Shuni alohida aytib o‘tish joizki, ushbu tadbir Zoom platformasi orqali onlayn tarzda ham tashkil etildi. Eng yaxshi deb topilgan libos egalari fakultet rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Tadbirning jozibali tarzda o‘tishi hamda boshqa mutasaddilarning tashabbuskorligi, tashkilotchiligining samarasi desak, o‘rinli bo‘ladi. Shu sababli tadbirni tashkil etgan tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
TIQXMMI matbuot xizmati