Yevropa Ittifoqining Oliy ta’limda salohiyatni oshirish bo‘yicha Erazmus+ “DSinGIS” loyihasi rejasiga binoan, loyiha doirasida 2021-yilning 15-26 fevral kunlariga mo‘ljallangan Geoinformatika bo‘yicha Qishki maktab (“Winter School”) o‘z ishini boshladi. Mazkur qishki maktab loyiha doirasida har bir hamkor OTMlar uchun xarid qilinib, “e-learning” markazlariga o‘rnatilgan zamonaviy video-konferensiya aloqa jihozlaridan foydalangan holda onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Ushbu qishki maktab ishtirokchilari loyihaning O‘zbekistondagi hamkor OTMlari (Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat arxitektura - qurilish inistituti, Qoraqalpoq davlat unversiteti va Toshkent arxitektura qurilish instituti) Geoinformatika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan magistrant, doktorant va ilmiy tadqiqotchilaridan iboratdir.
Qishki maktab davomida ishtirokchilarning asosan hozirgi kunda keng ommalashib borayotgan Masofadan zondlash (“Remote Sensing”) hamda “R” dasturidan foydalanish (“R Programming”) bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishlari ko‘zda tutilgan. E’tiborli jihati shundaki, Qishki maktabda olib boriladigan kurslarga ushbu soha bo‘yicha Yevropaning malakali mutaxassislari Dr. Malgorzata Verone Voytashek (Obuda universiteti, Vengriya) va Maks Xofman (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Leybniz instituti, IAMO, Germaniya) jalb etilgan.
Qishki maktab ishining tashkil etilishi va amalga oshrilishi loyihaning O‘zbekistondagi Milliy koordinatori, TIQXMMI tayanch doktoranti Ilxom Abduraxmanov tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda. Loyihaning Milliy menejeri Mamanbek Reimov hamda TIQXMMI tayanch doktorantlari Zoxid Mamatqulov va Akbar Xamraliev qishki maktab jarayonida ham tarjimon, ham qatnashchi sifatida ishtirok etishmoqda.
Masofadan zondlash bo‘yicha darslar 15-19 fevral kunlari, “R” dasturidan foydalanish bo‘yicha esa 22-26 fevral kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 10 kunlik onlayn qishki maktab kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga DSinGIS loyihasi doirasida xalqaro sertifikatlar topshiriladi.
“Davlat kadastrlari” kafedrasi tayanch doktoranti Mohigul Abduraximova axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati