Demokratiyaning muhim mezoni bo‘lgan saylovlar har qanday davlatning, xalqning rivoji va farovonligiga tayanch bo‘la oladigan kuchlarni saralashdir. Ma'lumki, xalq davlat hokimiyatining manbai sifatida saylovlar orqali davlat vakillik organlarini shakllantiradi. Dunyoning rivojlangan demokratik mamlakatlari davlat hokimiyati organlarini saylash orqali shakllantirishi ham bizga ma'lum. Saylov usuli qadimdan davlat hokimiyati oliy organlari faoliyatining qonuniyligini ta’minlagan.
Ana shunday mohiyat kasb etgan va dunyo tajribasidan oziqlangan holda, o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Xalq deputatlari viloyat va shahar, tuman kengashlariga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish qizg‘in tarzda tashkil etildi. Ushbu saylovlar natijasiga ko‘ra, institutimizdan to‘rtta nomzodning deputatlikka saylanishi ham faxr-u iftixorimiz manbaidir. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasiga ko’ra, deputatlikka saylangan ustozlar bilan yana bir bor tanishish ham e’tibor va ehtiromga molikdir.
Milliy tiklanish demokratik partiyasidan To‘laboyev Azamjon Qurbonovich - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Menejment kafedrasi dotsenti 81-Qumqo‘rg‘on Saylov okrugidan O‘zbekiston Respublikasining Oliy majlisi Qonunchilik palatasiga deputat qilib saylandilar. Jamoamiz faxri sifatida 9-Salar saylov okrugidan Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashiga O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasidan institutimiz rektori, Oliy ta‘lim Kengashi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichning deputat bo‘lib saylangani hammamizning quvonchimizga quvonch qo‘shdi.
Shuningdek, 17-Minglola Saylov okrugidan Mirzo Ulug‘bek tumani xalq deputatlari kengashiga saylangan Deputat Xalq demokratik partiyasidan institutimiz Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Choriyev Ro‘zimurod Kungratovich, 1-Hasanboy Saylov okrugidan Yunusobod tuman xalq deputatlari Kengashiga saylangan Deputat Xalq demokratik partiyasidan "Fizika va kimyo" kafedrasi dotsenti Karimov Abduvahob Abdusattorovichlarning ham muvaffaqiyat quchishi bizni ruhlantirmasdan qo’ymaydi. Omad sizlarga yor bo‘lsin!
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov