Korrupsiya haqida gapirgan paytda bu illatning taraqqiypavar mamlakatlarga ziyoni haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Lekin baribir uning ildizini quritish masalasida ojizligimizcha qolaveramiz. O‘zbekiston xalq shoiri poraxo‘rlik haqida so‘z yuritib, shunday degani yodimizda. “Korrupsiya bu tirnoqqa o‘xshaydi, bir qirqib qo‘yganingizdan keyin yana o‘sib chiqaveradi. Har damda uni qirqib turaverish kerak.” Ta’lim tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yish og‘ir jinoyat ekanligi har doim eslatiladi. Shuning uchun ham bunga qarshi kurash bir soniya ham to‘xtamasligi kerak.
Institutimizda ham kuni kecha tashkil etilgan tadbir ana shu masalaga bag‘ishlandi. Unda Davlat xavfsizlik xizmati xodimi G‘ayrat Mamayusupov ishtirok etib masala bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi. U o‘z nutqida korrupsiyaga moyil bo‘lgan o‘qituvchilar haqida talabalarning mulohazalari ham e’tibordan soqit qilinmayotganligi borasida kuyunib so‘z yuritdi. Bu esa inson taqdiriga, uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini, oqibatda odam boshi berk ko‘chaga kirib qolishi haqida yana bir bor eslatdi. Tadbir davomida Respublika Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ishlangan “Egri poydevor - korrupsiya” nomli hujjatli film namoyish etildi. Firibgarlik korrupsiyaning o‘chog‘i, bunga o‘tin keltirgan va olov yoqib tutatgan ham aybdordir.
Tadbir boshqaruvchisi institutimiz yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.Choriev o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlasha turib ishtirokchilarga yuzlandi. Ular ham savol-javob yo‘sinida korrupsiyaga qarshi harakat har bir insonning vijdon amri ekanligini uqtirishdi. “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti dekani R. Hakimov va R. Jumaniyozovlarning bildirgan fikr va takliflarini ishtirokchilar birdek ma’qullashdi.
Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov