Nomdor davlat stipendiyalari sovrindorlariga guvohnomalar topshirildi

Institutda iqtidorli talabalarni faoliyatini rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari doimiy amalga oshirilib kelinmoqda. Shunday tizimli chora-tadbirlar natijasi sifatida 2019 yilda Respublika bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi, Beruniy hamda Navoiy Davlat stipendiyalari tanlovlarining 2-bosqichida quyidagi natijalarga erishildi:

1. “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” mutaxassisligi 1-bosqich  magistranti Hafizov Bunyodjon Zayniddin o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi (ilmiy rahbar: i.f.n., dos. U.Sangirova).

2. Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash fakulteti, “Suv xo‘jaligi melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich 6-guruh talabasi Burxonova Munisa Mamurjon qizi – Beruniy Davlat stipendiyasi sohibasi (ilmiy rahbar: q.x.f.d. B.Matyakubov).

3. Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish fakultetini, “Menejment” (suv xo‘jaligida) ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich 2-guruh talabasi Rustamova Maftuna Rustam qizi – Navoiy Davlat stipendiyasi sohibasi (ilmiy rahbar: katta o‘qituvchi X.Xo‘jamqulova).

Ushbu talabalarga Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining maxsus guvohnomalari institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich tomonidan tantanali topshirildi. Rektorimiz sovrindor talabalar va ushbu yutuqqa xissa qo‘shgan barcha professor-o‘qituvchilarni samimiy tabriklab, zamon talabidan kelib chiqib bunday yuqori saviyadagi tanlovlarga munosib nomzodlarni tayyorlash ishlarida institutning barcha bo‘limlari va ma’sul xodimlar birgalikda ishlashlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Nomdor davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etish maqsadidagi talabalarni qiziqtirgan savollar tanlov shartlari, bosqichlari va xujjatlar tayyorlash tartibi bilan iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limida tanishtirib boriladi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati