“Til millat ko‘zgusi”

2021 yil 21 oktyabr kuni TIQXMMI ma’ruzalar zalida “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti professsor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlari uchun O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni fakultet dekani R.Xakimov kirish so‘zi bilan ochib berib, ona tilimizning ahamiyati, tilning millat va xalqlar taraqqiyoti va rivojida tutgan o‘rni xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.

Shundan so‘ng, Institutimiz Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori R.Choriyev so‘zga chiqib, barchani ona tilimizga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi bilan muborakbod etib, ona tilimizning asrlar davomida shakllanib, sayqallanib, ajdodlarimizning tilimiz rivoji va taraqqiyotida katta o‘rin tutganligi,shuningdek, tilimizni sofligi va go‘zalligini saqlash barchamizning burchimiz ekanligi xususida fikr mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Tadbir davomida fakultet talaba yoshlari tomonidan tayyorlangan she’rlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari va ijod namunalari kechaga o‘zgacha ruh va fayz bag‘ishladi.

 

 

SXTE va B fakulteti dekani o‘rinbosari J.Turdiev ma’lumoti

TIQXMMI  matbuot xizmati axboroti