Innovatsion ochiq dars

Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat ila baquvvat bo‘ladi. Ilmni egallamoq ham farz, ham qarz, qolaversa, san’atdir. Ilmni o‘zgalarga ulashmoq esa sharaf hamda savobdir! 2019-yilning 25-aprel sanasida “Fizika” fanidan “Fizika va kimyo” kafedrasi katta o‘qituvchisi Zamira Beknazarova rahbarligida "Gidromelioratsiya" fakultetining 107-guruh talabalari uchun ochiq dars tashkil etildi. Mazmunli tarzda tashkil etilgan ochiq dars “Elektromagnit induksiya hodisalari” mavzusida olib borildi. Dars boshlangan vaqtda guruh talabalari to‘liq tarkibda o‘quv xonasida jam bo‘lishgan edi. O‘qituvchi tomonidan o‘tgan mavzuni takrorlash va yangi mavzuga kirib borish maqsadida talabalarga “BLIS SAVOLLARI” berildi. Shundan so‘ng zamonaviy pedtexnologiyalarga yondashgan holda guruh talabalari uchta kichik jamoalarga ajratildi va ular bilan quyidagi to‘rtta shart bo‘yicha, musobaqa tarzida dars davom ettirildi:

1. Jamoani tanishtirish va jamoaga tanlangan nomni izohlash;

2. Jamoa sardorlari tomonidan yangi mavzu bo‘yicha o‘zaro tushuntirishlar berish;

3. Fanga doir qiziqarli krossvordlar yechish;

4. Fan yuzasidan “BLIS SAVOLLAR”ga javob berish.

Ilmning sarhadi cheksiz, uni sinash, o‘rganish va o‘rgatishning yo‘llari bisyor. O‘qituvchi tomonidan jamoalar tarzida dars tashkil etish turining tanlanishidan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning fanga qiziqishini har tomonlama oshirish, jamoa bo‘lib harakat qilishga o‘rgatish va eng asosiysi g‘alaba tomon intilish hamda ishonch tuyg‘ularini yanada yuksaltirishdan iborat edi. Dars davomida faol ishtirok etgan har bir jamoa a’zolari “RAG‘BAT” kartochkalariga ega bo‘lishdi. Shartlar o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng o‘qituvchi mavzuni umumlashtirgan holda yakuniy xulosalarni berdi. Shuningdek, ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan fizika fanining jamiyat rivojida tutgan o‘rni, bugungi kunda fanda yuz berayotgan yangilik va kashfiyotlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Ochiq darsni “Fizika va kimyo” kafedrasi mudiri Yorqin Toshmurodov hamda kafedra dotsenti Baxtiyor Qodirovlar kuzatib borishdi. Yakunda esa kuzatuvchilar o‘qituvchi tomonidan qo‘llanilgan noan’anaviy uslub hamda innovatsion yondashuvlarga o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirishdi hamda talabalarga kelgusi o‘qishlarida zafarlar tilashdi. Biz talabalar ham ushbu darsga puxta tayyorgarlik ko‘rgan ustozimizga guruh nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz!

Yoshlar ittifoqining GM 107-guruh yetakchisi Azizbek Hasanov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov