Anʼanaviy Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumida TIQXMMI Buxoro filiali ham ishtirok etdi va istiqbolli memorandumlarni imzoladi

Qadimdan ilmu irfon maskani boʻlgan Buxoroi sharifda Oʻzbekiston va Rossiya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining uchinchi mintaqalararo konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Xalqaro forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida zamonaviy yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot sohasida oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat edi.

Mintaqalararo anjumanda ikki mamlakatning yuqori martabali davlat hokimiyati organlari vakillari hamda 80 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasasi rektorlari ishtirok etdi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvoitov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Xorijiy mamlakatlar bilan xududlararo va madaniy aloqalar boʻyicha boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Anton Ribakov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirining oʻrinbosari Dmitriy Afanasyev kirish soʻzlari bilan anjuman qatnashchilariga murojaat qildilar.  Anjuman dasturidan, shuningdek, ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-pedagogik xodimlar va iqtisodiyotning real sektoridagi korxona rahbarlari uchun malaka oshirish va qoʻshimcha kasb taʼlimi dasturlarini tashkil etish, ikki davlat oliy taʼlim muassasalarining zamonaviy sharoitlardagi hamkorligining innovatsion mexanizmlarini ishlab chiqish kabi keng qamrovli mavzular oʻrin oldi.

Anjuman yakunida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi. Konferensiyada TIQXMMI Buxoro filiali nomidan filial direktori Shavkat Jaxonovich Imomov ishtirok etdi. Konferensiya davomida filialning o’ziga xos targ’iboti ham tashkil etildi. TIQXMMI Buxoro filiali Rossiya Federatsiyasining bir qator qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassalari bilan memorandumlar imzoladi va bir qator mutassaddi vakillar bilan davomli va birgalikdagi o’quv dasturlarini amalga oshirishga kelishib olindi.

   

TIQXMMI Buxoro filiali matbuot xizmati
TIQXMMI matbuot xizmati