Chempion bilan uchrashuv

“Tokio -20”, YOzgi olimpiada o‘yinlari natijalari bizni xursand qilgani rost. Sportning bir necha turlari bo‘yicha yoshlarimizning sovrin va medallarga ega bo‘lishgani mamlakatimiz faxridir. Turli tadbirlar bilan hammaslaklikda faoliyat olib boradiganimiz “Lashkarbegi” mahallasida istiqomat qiluvchi Ismatilla  aka Rashidovning xonadonidagi shodlik xalqimizning xursandchiligiga aylandi. U o‘z farzandini Taekvondo bo‘yicha yozgi olimpiadada sovrindor bo‘lib oltin medal sohibi bo‘lganidan benihoya shodlandi.

19 yoshga endigina qadam qo‘ygan Ulug‘bek Rashidov YAponiyadan olimpiada g‘olibi bo‘lib kelgani sharafiga “Lashkarbegi” mahallasida QXM fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida, mahalla faollari bilan birga chempion bilan uchrashuv tashkil etildi. Bir piyola choy ustidagi suhbat zamiriga qurilgan ushbu tadbirda Ulug‘bekning o‘zi, otasi va do‘stlari ishtirok etishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zulfiya Rasulova mahalla nomidan g‘urur va xursandchiligini e’tirof etib, oila va mahallaning faxri butun mamlakatning iftixoriga aylanishiga sabab bo‘lgan Ulug‘bek Rashidovning o‘zi va ota-onasiga minnatdorchiligini bildirdi. Tadbir kuy va qo‘shiqlar bilan barcha ishtirokchilarga huzur baxsh etdi.

TIQXMMI matbuot xizmati