TIQXMMI professori Obid Tursunov shu yilning 30-mart kuni Turkiyaning Kastamonu universitetiga tashrif buyurdi va u yerda tashkil etilgan seminarda ochiq ma’ruza bilan ishtirok etdi. Shuningdek, ushbu tashrif doirasida Kastamonu universiteti rektori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda “O‘rmonchilik kadastri” bakalavriat yo‘nalishini joriy qilish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari ushbu uchrashuvda Kastamonu universiteti jamoasi institutimizning “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi tashabbusi bilan shu yilning 14-16-oktyabr kunlari tashkil etilayotgan “2nd International Conference on Energetics, Civil and Agricultural Engineering 2021 - ICECAE 2021” xalqaro ilmiy-amaliy Konferensiyasida xamkorlik qilish va unda faol ishtirok etish taklifini bildirdi.
Kastamonu universiteti rahbariyati bilan Erasmus+ K107 dasturi doirasida institutimiz 2 ta professor-o‘qituvchisi va iqtidorli talabasining shu yil oktyabr oyida universitetga tashrifini amalga oshirish kelishib olinganligi ushbu uchrashuvning yana bir yutug‘i hisoblanadi. Institutimiz professorining Turkiya universitetlariga tashrifi davom etmoqda.
TIQXMMI matbuot xizmati