Suvni tejash, taqsimoti va ichimlik suvini tozaligini saqlash umumbashariy, umumjahoniy muammo. UzWaterAware loyihasi doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikdagi hamkorlik tadbirlari katta ahamiyat kasb etayotgani rost. TIQXMMI hududida innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasterini yaratilishi shu yoʼlda tashlangan muhim qadam boʼldi. Institutning iqtidorli talabalari bilan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markaz hamkorligidagi Innovatsiya klasteridagi uchrashuvlar, Аkvaponika boʼyicha maʼruza mashgʼuloti samarali harakatning natijador barakati boʼlgani rost. TIQXMMI tomonidan tashkil etilgan 22 mart - Suv kunida MOMEMning talabalarni taqdirlash marosimida ishtiroki, Suv tejovchi texnologiyalar mavzusidagi talabalar uchun ajratilgan uchta mini loyiha boʼyicha tanlovda baholash jarayonida TIQXMMI professor-oʼqituvchilari ishtirok etishi, institutga biriktirilgan bir nechta maktablarda bolalar uchun taʼsis etilgan «Rodnichok»/«Bulokcha» jurnalini tarqatishdagi koʼmaklashuvi, yozgi maktablar, laboratoriyaning tashkil etilishi va ishlab chiqarish mutaxassislari malakasining oshirilishi hamkorlikning samarali hosilasidir.
UzWaterAware loyihasi doirasida suv tejaydigan ekomarafonlarga tayyorgarlik jarayonida daraxtlarni ekishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish boʼyicha TIQXMMI mutaxassislaridan maslahatlari asqotgani aniq. Daraxtlarni ekishda “Gidrogel” texnologiyasidan foydalanish taklifi alohida eʼtiborga molik. Bu UzWaterAware loyihasini rivojlantirishda yangi bosqichga aylandi, ushbu texnologiya hududlarda ekomarafon qatnashchilari tomonidan qiziqish bilan qabul qilindi, ular orasida fermerlar, shahar obodonlashtirish xizmati mutaxassislari, hokimliklar, mahalla qoʼmitalari vakillari va boshqalarning borligi ham quvonarlidir. 2019 yilda BMT Taraqqiyot dasturining "Oʼzbekistonni qishloq hududlarida suv resurslarning barqaror boshqarish" dasturi doirasi "22 -mart - Butun jahon suv kuni"ga bagʼishlab tashkil etilgan Respublika OTM yoshlari uchun tanlov gʼoliblariga UzWater Aware loyihasi tomonidan 2ta noutbuk iqtidorli talabalarga taqdim etilgani ularni kelajakda yutuqlarga yanada ilhomlantirdi. Toshkent-sitidagi Hilton mehmonxonasining konferentsiyalar zalida 28, 30 oktyabr kunlari tashkil etilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi koʼmagi ostida amalga oshirilgan "Oʼzbekistonda suv va ekologiyani barqaror rivojlantirish boʼyicha xabardorlikni oshirish va hamkorlik" deb nomlangan UzWaterAware loyihasining yakuniy natijalariga bagʼishlangan tadbir nihoyasiga yetdi.
TIQXMMI matbuot xizmati