2017 yil 18-19 dekabr kunlari Toshkentda Xalqaro suv huquqining asosiy tamoyillari va transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik mexanizmlari muhokamasiga bag‘ishlangan ikki kunlik o‘quv seminari o‘tkazildi. Tadbir AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID), Markaziy Osiyo Mintaqaviy Ekologik Markazi (MOMEM) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining (QSXV) “Suv, ta’lim va hamkorlik” (Smart Waters) qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Xalqaro suv huquqi bo‘yicha xalqaro ekspert, Dandi universiteti professori Sergey Vinagradov asosiy ma’ruzachi bo‘lgan ikki kunlik o‘quv seminarda suv resurslarini muhofaza qilish va transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasida mintaqaviy hamkorlikda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari yig‘ildi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidan “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi mudiri, t.f.d., professor – Saloxiddinov Abdulxakim Temirxo‘jaevich, “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi mudiri, t.f.d., professor – Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich, “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasidan — professor Ismoilxo‘jaev Baxodirxo‘ja Sharipxo‘jaevich, katta o‘qituvchi Boyirov Ravshan Qutbiddinovichlar, “Gidrotexnika inshootlari” kafedrasi dotsenti – Raxmatov Norqobul hamda 2-bosqich magistranti — Mirzaqobulov Jahongirmirzo Baxtiyorjon o‘g‘li ishtirok etdilar.
O‘quv seminar davomida global suv konvensiyalari va ularning Orol dengizi havzasida qo‘llanilishi, transchegaraviy suv oqimlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida protsesual majburiyatlar va axborot almashish mexanizmlari, shuningdek, transchegaraviy suv oqimlarida suv xo‘jaligi ob’ektlarini ishlatish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ochib berildi. Ikki kunlik o‘quv seminari yakunida ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Joriy yilning 20 dekabr kuni esa TIQXMMIda “Markaziy Osiyoda suv, ta’lim va hamkorlik” loyihasi vakillari ishtirokida alohida doktorantlar, yosh tadqiqotchilar va magistrlar uchun xalqaro suv huquqi bo‘yicha o‘quv seminar tashkil etildi.