Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus respublikalari o‘rtasidagi o‘zaro sherikchilik aloqalari yangi bosqichga chiqib ulgurdi

Soha rivojiga doir qabul qilingan qonun va qarorlar o‘z ijrosi bilan ahamiyatli. Davr ruhini his etish va talabchanlik faoliyat mezoni bo‘lar ekan, bunga aslo befarq bo‘lmaslik kerak. Zeroki, hamkorlik va taraqqiyot taqozosi ham shu bilandir. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Koronavirus pandemiyasi davrida gumanitar yordam ko‘rsatish doirasida Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Belarusdan maxsus keltirilgan ikkita traktorning sovg‘a qilinishi ham e’tiborga molik.

Traktorlar Minsk Traktor zavodida ishlab chiqarilgan MTZ-80 universal traktorlaridir. Maqsad — soha oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliyot o‘tash uchun sharoitlar yaratib berish. Tadbir davomida Belarus Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich hamda TIQXMMI birinchi prorektori Bahodir Mirzayev traktorlarga o‘zlari o‘tirib, traktorni boshqarish bo‘yicha master-klass ko‘rsatib berdi. Bunday yo‘sindagi hamkorlikning bardavom bo‘lishi soha rivojiga, muhimi ta’lim va amaliyotning, fan-texnikaning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lanishi borasidagi harakatimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati