Institut murabbiylar kengashi raisi hisoboti

2020 yilning 30 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 2019-2020 o‘quv yilidagi ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-tarbiyaviy ishlar yuzasidan ZOOM platformasi orqali institut murabbiylar kengashi raisi professor Z.Ismailovaning tahliliy hisoboti tinglandi. Mazkur hisobot eshituvida komissiya tarkibida bo‘lgan “Gumanitar fanlar kafedrasi” mudiri Sh.O‘ljaeva, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Z.Xaydarov, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Xafizova, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi F.Irisov, Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich yetakchisi A.Berdimurodov hamda fakultetlar Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha   dekan muovinlari, fakultet xotin-qizlar qo‘mitasi a’zolari, fakultet Kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari,  bosh murabbiylar va guruh murabbiylari, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchilari ishtirok etdi.

Hisobot eshituvida bosh murabbiylar tomonidan o‘tgan o‘quv yili davomida bajargan ishlari bo‘yicha, “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarini o‘tkazilish samaradorligini oshirish, talabalar turar joylari va ijarada  turuvchi talabalar yashash sharoitlarini o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha ishlar tashkil etilganligi, kiyinish madaniyati, axloqiy-tarbiya hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha hisobot berdi. Institut murabbiylar kengashi raisi o‘z ma’ruzasi davomida bosh murabbiylarga va guruh murabbiylariga institut, kafedralarining ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy tadqiqot va jamoat ishlariga jalb etish, talabalar turar joyida va ijarada turadigan talabalar bilan alohida ishlar olib borish to‘g‘risida hamda guruh murabbiylariga tashkilish yo‘nalishda: guruhda siyosiy axborot darsi, bahs, munozara, savol-javob, uchrashuvlar o‘tkazish va guruhlararo musobaqalar tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyalarini berib o‘tdi.

Shuningdek, yil davomida murabbiylik faoliyatida fakultetlarda erishilgan yutuqlar va kamchiliklar haqida to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda keyingi o‘quv yilida yanada mas’uliyatli ravishda  ish olib borish kerakligini ta’kidladi. Hisobot yakunida komissiya tarkibida bo‘lgan institut jamoat tashkilotlari tomonidan ham yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zuhriddin Haydarov axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati