Teran tomirlari bir bo‘lgan xalqlarning yashash va qarash tarzida ham o‘zaro uyg‘unlik bo‘ladi. Qadimdan bir-birlari bilan qarindoshlik rishtasini bog‘lab savdo va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yib o‘zaro ishonch qozonishgan o‘zbek va qozoq xalqdlarining hamjihatligi va birdamligi uzoq asrlarga borib bog‘lanadi. Ana shu do‘stlik rishtasi buzilmas va uzilmas ekanini asoslovchi misollar ko‘p.
Joriy yilning 30-31 mart kunlari institutimizga Qozog‘iston milliy agrar universiteti rektori, akademik Yespolov Tlektes Isabaevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mazkur tashrif davomida akademik T.I.Espolovning institutimiz professor-o‘qtuvchilari hamda talaba va magistrantlariga “Qozog‘iston milliy agrar universitetining innovatsion qarashlari“ mavzusidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Qozog‘iston milliy agrar universiteti hamda institutimiz o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam do‘stona aloqalar, hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy ishlar, shuningdek, universitetning tarixi, erishgan yutuqlari, ta’lim tizimi, bugungi kundagi ilmiy sohalarda olib borayotgan izlanishlari hamda professor-o‘qituvchilar, shuningdek, talaba va magistrantlarga yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birgalikda Qozog‘iston milliy agrar universiteti tarkibida faoliyat yuritayotgan “Suv muammolari tadqiqot markazi” va uning ilmiy faoliyati, tarkibiy tuzilishi hamda amalga oshirayotgan ilmiy izlanishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida Qozog‘iston Respublikasining qishloq ho‘jaligi sohasidagi erishgan yutuqlari, sug‘orish va melioratsiya tizimlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlari to‘g‘risida ham ta’kidlab o‘tildi. Har ikki OTM rektorlari kelgusida professor-o‘qituvchilar hamda talaba va magistrantlar o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
Delegatsiya tashrifining so‘nggi kunida Qozog‘iston milliy agrar universiteti, Qozog‘iston milliy agrar universiteti tarkibidagi “Suv muammolari tadqiqot markazi”, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida 4 tomonlama o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum kelgusida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlikni amalga oshirishda ko‘prik vazifasini bajaradi. Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.
Institut xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ilxom Abduraxmonov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov