Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) Turkiyaning Karabuk universiteti, shuningdek, Munzur universiteti bilan “Mevlana” dasturi doirasida o’zaro hamkorlik to’g’risida 2 ta shartnoma imzoladi. Shartnomani bir tomondan TIQXMMI rektori O’ktam Umurzakov, ikkinchi tomondan Karabuk universiteti rektori Refik Polat, shuningdek, Manzur universiteti rektori Ubeyde Ipek imzoladilar.
“Mevlana” almashinuv dasturi Turkiya oliy o'quv yurtlari va boshqa davlatlarning oliy ta'lim muassasalari o'rtasida talabalar hamda professor-o'qituvchilar almashinuvini ko`zda tutuvchi dastur bo`lib, mazkur dastur boshqa almashuv dasturlaridan farqli ravishda o'z mintaqalaridan qat'iy nazar dunyodagi barcha oliy ta'lim muassasalarini o'z ichiga oladi.
Mazkur “Mevlana” almashnuv dasturi doirasida imzolangan shartnomalar 2018-2023 yillarga mo`ljallangan bo`lib, ular doirasida TIQXMMI hamda Turkiya OTMlari o’rtasida o’zaro professor-o`qituvchi hamda talabalar almashinuvi tashkil etiladi.
Bu ikki davlat uchun ham muhim ahamiyatga ega bo'lib, xalqaro loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega bo'lgan Turkiya OTMlari bilan imzolangan shartnomalar faqatgina almashinuv dasturi bo`libgina qolmasdan, ikki davlat oliy ta`lim muassasalari o’rtasida yuqori bilimga ega bo`lgan, bugungi iqtisodiyotning shiddat bilan rivojlanayotgan davrda qishloq va suv xo`jaligi tarmoqlarida mazkur sohani istiqbolli natijalarga olib chiqa oladigan, yuqori bilim, ko’nikma va tajribaga ega bo`lgan innovatsion qarashlarga ega kadrlarni yetishtirishda dasturil amal bo`ladi.
TIQXMMI va Turkiyaning yuqori salohiyatga ega bo`lgan Karabuk universiteti o’rtasida imzolangan shartnoma doirasida 12 nafar professor-o`qituvchilar va 12 nafar talabalarning, shuningdek, TIQXMMI va Munzur universiteti o’rtasida imzolangan shartnoma doirasida 15 nafar professor-o`qituvchilar hamda 12 nafar talabalarning o’zaro almashinuvi amalga oshiriladi. Bunda professor-o`qituvchilarning malaka oshirish va o’zaro tajriba almashish uchun hamda talabalarning ta’lim olish uchun hamkor OTMlarga yuborilishi asosiy maqsad hisoblanadi.
Bu ta`lim jarayonida ikki davlat o’rtasida amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan biri bo'lib, ikki mamlakat fan, ta’lim va innovatsion faoliyat bo`yicha bajarilayotgan ilmiy izlanishlar va qo`llanilayotgan texnologiyalar bilan yaqindan tanishish, ta`lim muassasalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari hamda tajribalar bilan tanishgan holda, iqtisodiyotning qishloq va suv xo`jaligi tarmog`ida yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta ahamiyatga egadir.
Xalqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Ilhom Abdurahmanov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov