Davlatimiz rahbari taʼlim jarayonining sifati va samarasi borasida doimiy ravishda kuyunchaklik bilan tavsiya, talab va topshiriqlar berib kelishlari bejiz emas. Bu mamlakatimizning rivojlangan davlatlardagi taʼlim tizimi darajasiga yetkazish maqsadi bilan bogʼliq. Ulardagi ijobiy jihatlarni oʼzlashtirish va hamkorlik masalalarini jadallashtirish davr taqozosidir. Bizda oʼquv-taʼlim tizimi oʼquvchilarni asosan imtihonga tayyorlashga qaratilgani, aslida, taʼlim hayotga tayyorlash zarurligi borasida muhtaram Prezidentimizning oʼgitlari ulkan ahamiyat kasb etgani rost. Ilm-fan, taʼlim, ishlab chiqarish va integratsiyaning uygʼunligida hikmat koʼp. Nazariy maʼlumot va amaliy mashgʼulotning uygʼun tarzda ish tutilishi beqiyos ahamiyatga ega. Bu esa dual taʼlim tizimining mohiyatini aks ettiradi. Maʼlumki, bu taʼlim turining xosiyati shundaki, unda nazariy qism taʼlim muassasasida, amaliy qism esa korxonada oʼtkaziladi. Bu Germaniya professional taʼlim tizimida keng qoʼllaniladi. Taʼlim muassasasini bitkazuvchilarning ish jarayoniga, kasbiy faoliyatga tayyor holda borishida bu muhim rol oʼynaydi. Аyni paytda mutaxassislarning tajribasi, koʼnikmasi va malakasini oshirishga katta hissa qoʼshadi. Bu yoʼnalishdagi ilmiy tadqiqot va monografiyalar ayni kunlarda suvdek, havodek zarur. Kuni kecha muvaffaqiyatli himoya etilgan Choriev Roʼzimurat Kungratovichning "Kasb taʼlimi mutaxassislarini Dual tizimi asosida kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish" mavzusi boʼyicha doktorlik dissertatsiyasi (DSc) xuddi shu boʼshliqni toʼldirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molik. Dissertatsiya oʼzining dolzarbligi, yangiligi, faktik maʼlumotlarga boyligi hamda ilmiy jihatdan chuqur va teranligi bilan xarakterlanadi. Dissertatsiya ayni paytda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida» 2019-yil 6-sentyabrdagi PF-5812-son Farmoni ijrosini taʼminlash borasida Vazirlar Mahkamasi qaroriga ijobiy va ijodiy javob ham boʼlgan desak, mubolagʼa boʼlmaydi. Biz dissertantni ushbu muvaffaqiyati bilan samimiy qutlaymiz.
TIQXMMI matbuot xizmati