Is gazidan zaharlanmaslik uchun nima qilish kerak

Joriy yilning 5 -mart kuni "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining 1-zalida fakultet dekani Sh.Narbaev hamda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova tashabbusi bilan ijarada va yaqin qarindoshini uyida istiqomat qilayotgan talaba-yoshlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda  “Hayot faoliyati xafsizligi” kafedrasi o‘qituvchisi Mirxalikova Zulfiya Quchqarovna o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Qish mavsumi yaqinlashgani sari yurtimizning turli hududlarida is gazidan zaharlanish, hattoki o‘lim holatlari ko‘payadi. Is gazi nima, undan qanday saqlanish mumkin, qish arafasida xonadonlarda qanday ehtiyot choralari ko‘rilishi kerakligi bo‘yicha mutaxassis talabalarga kerakli ma’lumotlar berib o‘tdi. Jumladan, gaz plitasidan binoni isitish va uning ustida kiyimlarni quritish, shuningdek, plitani nazoratsiz yoqilgan holatda qolishiga yo‘l qo‘ymaslik ta’kidlandi.

Bundan tashqari, gaz sizib chiqayotganini ochiq olov, masalan gugurt chaqib tekshirib ko‘rish mumkin emasligi to‘g‘risida ham atroflicha gapirib o‘tdi. Tadbir davomida o‘quvchi yoshlarga Is gazi bilan zaharlanishning oldini olish chora-tadbirlari aks ettirilgan videorolik namoyish etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan javob berildi. Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar talabalarga eng avvalo, uy egasi bilan ijara shartnoma qilish lozimligi to‘g‘risida kerakli, ijarada yashash tartib qoidalari to‘g‘risida, ijarada yashash manzili bo‘yicha mahalla hamda uchastka noziri bilan doimiy aloqada bo‘lishlari lozimligi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlar berishdi. Tadbir so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar orqali javob olishdi.

YERB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati