Talabalarning intellektual qobiliyatini sinovdan o‘tkazish ilm-fan va jamiyatimiz rivojiga o‘zining barakali ta’siri haqida o‘ylash demakdir. Keng qamrovli bilim, zamonaviy fanlarning siru asrorlarini puxta egallashga bo‘lgan intilish va sa’yi harakat doimo dolzarblik kasb etadi.
Yuksak bilimli intelektual rivojlangan avlodni tarbiyalash –mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekan, demak, yoshlarning atroflicha bilimga ega bo‘lishi, zamon bilan hamnafas va hamqadam bo‘lishlarini ta’minlash muhim.
“IQ-SHOU” intelektual-musobaqaviy televizion o‘yinining navbatdagi sonida “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakultetining 2-bosqich talabalaridan tarkib topgan “Lider” jamoasi hamda “Magistratura” bo‘limining 1 - bosqich magistrantlarining “Renessans” jamoalari ishtirok etishdi. “Lider” jamoasining tarkibi quyidagicha: jamoa sardori - Shahzod Abdurazzoqov, jamoa a’zolari - Baxtiyor Tojiboev, Umida Abdujalilova, Sohib Oblaqulov, Nozimjon Qobilov.
“Renessans” jamoasining tarkibi tubandagicha: jamoa sardori Sarvar Meliqo‘ziev, jamoa a’zolari - E’zoz Ozodov, Sarvinoz Xolova, Bahodir Hakimov, Islom Hazratqulov.
Savollarga javob berish orqali guruhlar orasidagi mubohasa ancha shiddatli tarzda kechdi. Intellektual o‘yinda kuzatuvchi sifatida institut prorektori Qodirjon Shavazov, xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Zulfiya Hafizova, psixolog Yulduz Narmetova, “Magistratura” bo‘limining boshlig‘i Asror Yangiboev, “GIM” fakultetining ma’naviy - ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan muovini Ortiq Ro‘ziboevlar ishtirok etishdi.
“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti 2 - kurs talaba qizlaridan Tozagul Mamarajabova, Aziza Aknazarova, Zulayxo Berdialievalar o‘zlarining milliy liboslari bilan musobaqaning mazmunli va qiziqarli yo‘sinda o‘tishiga beminnat hissa qo‘shishdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra “Renessans” jamoasi “Lider” jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Yakuniy natija 40:10 ball hisobi bilan nihoyasiga yetdi. Shunday qilib institut fakultetlari orasidagi musobaqaning birinchi bosqichi yakuniga yetdi. Endi ikkinchi bosqich boshlanadi.
Unda g‘olib bo‘lgan 4 ta jamoa ishtirok etadi va institut bo‘yicha mutloq g‘olib aniqlanadi. Ular esa O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishadi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.