Ilmiy-tadqiqot natijalarimiz jahon ilm-fani sahnida

Joriy yilning 4-6 mart kunlari Avstriyaning Vels shahrida World Sustainable Energy Days (WSED) 2020 Butun Jahon Energiya Kongressi o‘tkazildi. Kongress doirasida ilmiy seminarlar, “Yosh olimlar” konferensiyasi, “Yashil energetika” bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etildi. Bundan tashqari Avstriyadagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, shu jumladan, quyosh panellari, invertorlar, elektromobillar ishlab chiqaruvchi va boshqa shu kabi korxonalarga tashriflar amalga oshirildi.

Diqqatga sazovor jihati dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 600 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan ushbu Kongressda nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidan institutimizning “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari D. Qodirov hamda O. Tursunov o‘zlarining olib borayotgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida yozilgan “Application of Laser Biotechnology for Extensive Increase of Biomass for Bioenergy Production via Thermochemical Technologies” nomli ilmiy maqola bilan ishtirok etib ma’ruza bilan chiqishdi. Ular o‘z ma’ruzalarini institut tarixi, bugungi kunda olib borilayotgan o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlari hamda dunyoning “TOP-800” talikdagi Oliy ta’lim muassasalari qatoriga kirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelajak rejalari haqida ma’lumot berishdan boshlashdi.

Ma’ruza davomida ilmiy maqolada keltirilgan ilmiy-tadqiqot metodlari, olingan natijalar va xulosalar to‘g‘risida konferensiya qatnashuvchilariga to‘liq ma’lumot berildi hamda tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Uch kunlik Kongress doirasida tashkil etilgan “Yashil energetika”bo‘yicha ko‘rgazmada ham institutimiz olimlari o‘zlarining ilmiy ishlari aks etgan posterlari bilan ishtirok etishdi.

TIQXMMI matbuot xizmati