"Vatanparvar" gazetasi tahririyati “Ko‘hna tarix shodasida” tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirladi. Bular orasida bizning pedagoglarimizning ham borligi quvonarlidir. Qurolli Kuchlar davlat muzeyida respublika oliy ta’lim muassasalari olimlari, professor-o‘qituvchilari, tarixchilar, adiblar, tadqiqotchilar hamda mushtariylar o‘rtasida o‘tkazilgan “Ko‘hna tarix shodasida” tanlovi yakunlarini e’lon qilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning fevral-avgust oylarida o‘tkazilgan tanlovga bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, tarixchi olimlardan 100 ga yaqin material kelib tushdi. Ularning 40 dan ortig‘i “Vatanparvar” gazetasi va “O‘zbekiston armiyasi” jurnalida chop etildi.
Tantanali tadbirda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov so‘zga chiqib, g‘oliblar va ishtirokchilarni muborakbod etdi. Ushbu tanlovda institutimizning faol kafedra mudirlaridan tarix fanlari doktori Shohista O‘ljaeva uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Fidoyilik va faollik o‘z kasbiy faoliyatidan tashqari respublikamiz hayotidagi ijtimoiy-ma’rifiy jarayonda ham aktiv munosabatda bo‘lishni talab etadi, Vatanparvarlik tushunchasining mohiyati ham shunda. Sh. O‘ljaevaning tarixchi olim sifatida o‘zining chiqishlari va maqolalari bilan ishtirok etishlari e’tiborga molik.
"Gumanitar fanlar" kafedrasi assistenti Bahriddin Muqimov axboroti
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov