Muayyan musobaqa bo‘yicha o‘z yurtingda g‘olib bo‘lish yaxshi, o‘zga davlatda o‘z yurting sha’nini himoya qilish va g‘alaba qozonish boshqacha. Taqdir taqozosi bilan o‘zga yurtlarda yashayotgan vatandoshlarimizning yutuqlari ham bizning yutug‘imiz. Xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan aloqalarni mustahkamlash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishtirish davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil harakatlarning uzviy qismidir. Yevropa davlatlarida yashayotgan, mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yurtdoshlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan futbol turnirida institutimizning “Irrigator” jamoasi faol ishtirok etdi. “Davra” nomidagi o‘zbek- nemis madaniy jamiyati tashabbusi bilan 2019 yil yettinchi marotaba tashkil etilgan “Yevropadagi o‘zbeklar o‘rtasidagi futbol turniri”da Yevropaning turli davlatlaridan istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan 200 nafardan ortiq o‘zbekistonliklar ishtirok etdi. Musobaqada FC Nihol, FC Kosonsoy, FC Turin Munchen, FC Mahalla Prague, FC Olympia Munchen, FC Milliy, FC Munchen, FC Dortmund, FC Bayern Munchen, FC Prague Mahalla 2006, FC Zarba Munchen, FC MBA, FC Irrigator, FC Istiqlol jamoalari g‘oliblik uchun kurashdi. Musobaqa o‘zaro do‘stlik va sof raqobat asosida o‘tdi. Unda faxrli uchinchi o‘rinni institutimiz “FC Irrigator” jamoasi, faxrli ikkinchi o‘rinni “FC Dortmund”, faxrli birinchi o‘rinni “FC Munchen” qo‘lga kiritdi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xorijda yashayotgan vatandoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, samimiy va do‘stona musobatlarni yanada rivojlantirishdir.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi F.Irisov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov