Tahlillarga ko‘ra, giyohvandlik yuqori asab tizimini qo‘zg‘atib, ishdan chiqargach, insonning ruhiy va jismoniy salomatligiga putur yetkazadi. Shuningdek, organizmdagi moddalar almashinuvi jarayoni buziladi va oxir-oqibat butun vujud zaharlanadi. Bora-bora inson organizmi bunday moddalarni iste’mol qilmasa, qisman yoki butunlay ishdan chiqadi. Bunday og‘udan talaba-yoshlarimizni asrash maqsadida Yer resurslarini boshqarish fakulteti ma’ruzalar zalida talaba-yoshlar va professor-xodimlari orasidaijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarining tarqalishiga qarshi kurashi” va “Giyohvandlik - asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik” kabi mavzularda profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBning katta tezkor vakili kapitan Sh.Q.Abdullayev narkotrafik va giyohvand moddalarni noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va giyohvandlikni oldini olish borasidagi hukumat hujjatlari borasida so‘z yuritdi. Bunday holatlarning oldini olish esa davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari, bojxona hamda chegara qo‘shinlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, giyohvandlikka qarshi kurash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki keng jamoatchilikning ham bevosita vazifasi bo‘lib qolmog‘i lozim. Bir so‘z aytganda esa, uyimizni, farzandlarimiz hamda yaqinlarimizni “oq ajal” balosidan o‘zimiz asrashimiz shart.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova axboroti
Institutning matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov