Ta’lim forumi doirasidagi tadbir

Ta’lim tizimidagi hamkorlikning natijadorligi beqiyos. Tajriba va erishilgan yutuqlar almashinishi asnosida, ta’lim texnologiyasi va metodologiyasi bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilishiga imkon tug‘iladi. Bu esa har ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘libgina qolmasdan, balki davlatlararo do‘stlik va har tomonlama aloqalarning rivojiga xizmat qilishi tabiiy.
O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan yurtimizda birinchi marotaba o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” buning yaqqol misolidir. 
17 oktyabr kuni “Yer resurslarini boshqarish fakultetida Moskva Davlat Yer tuzish universitetining Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, professor V. I. Nilipovskiy bilan institutimizda ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut prorektori Q. Shavazov olib bordi.
V.I. Nilipovskiy o‘zi faoliyat yuritayotgan universitetning tarixi to‘g‘risida so‘z yurita turib, Toshkentda universitet bilan institutimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik samarasi sifatida keyingi o‘quv yilidan rejalashtirilayotgan qo‘shma fakultet to‘g‘risida gapirdi.
Uchrashuv fakultetning talabalari bilan professor o‘qituvchilarida yorqin taassurot qoldirdi.

  

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov