Sug‘oriladigan ekinlarning suvga bo‘lgan talabini ishonchli ta’minlash maqsadida sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, eskirib yaroqsiz holga kelgan lotok tarmoqlarini yangilash, sug‘orish tarmoqlarini ishonchliligini oshirish bo‘yicha qurilish ishlarini olib borishda yuzaga keladigan muammolar yuzasidan ilmiy asoslangan, iqtisodiy samarador yechimlari bo‘yicha maslahat va tavsiyalar ishlab chiqish dolzarb masaladir. Aynan shu maqsadda “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi bir guruh professor-o‘qituvchilari hamda doktorantlar tomonidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4801-sonli Qarori doirasida 2021 yilning 10-11 sentabr kunlari Jizzax viloyatida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash jarayonlari olib borilayotgan obyektlariga tashrif buyurildi.
Tashrif davomida Jizzax viloyati Zarbdor tumanining “Baxt”, “Sharq yulduzi”, “Yangikent” va “Nurafshon” hududlaridagi lotok tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan hududlarida kuzatuv ishlari hamda quruvchi pudratchilar bilan suhbat olib borildi. Suhbat mobaynida “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti D.A.Abduraimova pudratchi tashkilot “Ishtixontransservis” MChJ muhandisi E.Shodiqulov va muhandis xodimlariga qurilish davomida yuzaga kelgan ba’zi muammolarning yechimi yuzasidan maslahat va tavsiyalar berdi.
Zarbdor tumanidagi “Yangikent” va “Nurafshon” hududlaridagi lotok tarmoqlarida rekonstruksiya ishlari deyarli yakunlangan bo‘lib, hozirgi kunda o‘rnatilgan lotok tarmoqlarini tekshirish hamda kamchiliklarini to‘g‘rilash ishlari olib borilmoqda. Quruvchi pudratchilarga yo‘llar ostidan o‘tuvchi dyukerlarda yuzaga keladigan loyqa bosish xavfi oldini olish, ularni tozalash, lotok tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanishni suv iste’molchilariga tushuntirish, suv olishda sifon va boshqa turdagi moslamalardan foydalanish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
TIQXMMI matbuot xizmati