Qadring baland boʻlsin, ona tilim

Oʻzbek tili dunyodagi qadimiy, goʻzal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlarini qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan oʻtib kelayotgan maqol va iboralari,  dostonlarida, shoir va yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol koʻrish mumkin. Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Mashrab, Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Matnazar Abdulhakim, Muhammad Yusufning asarlari ona tilimizda yozilgan bebaho durdonalardir.

21 oktyar - Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan TIQXMMI Buxoro filialida Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi assistentlari Nasibaxon Ibodova hamda Nodira Boltayevalar tomonidan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” mavzusidagi madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Gulchehra Isoqova ochib berdi. Tadbirda talaba yoshlar ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar va kuy-qoʻshiqlar ijro etdilar. Tadbirda mehmon sifatida ishtirok etib, soʻzga chiqqan “Turon” Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Roʻzimurod Mahmudov tilimizning tarixi va taraqqiyot yoʻli haqida fikrlarini bildirdi. Ona tilimizga bagʻishlab bitgan sheʼrlaridan yigʻilganlarga oʻqib berdi. Shuningdek, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Buxoro shahar boʻlinmasi rahbari A.Hakimov, bosh mutaxassisi G.Hodiyeva hamda faxriy ustoz M.Qurbonovalar soʻzga chiqib, ona tilimizning rivoji va taraqqiyoti uchun har birimiz masʼul ekanligimiz borasida gapirib oʻtdilar. Bugungi tadbirni tashkil etgan tashkilotchilarga, ishtirokchi talabalarga hamda boʻlim uslubchisi Gulchiroy Adizovaga oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Ayniqsa, tadbirda oʻz sheʼrlari va raqslari bilan chiqish qilgan Buxoro shahar 23-IDUM oʻquvchilarining chiqishlari barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Darhaqiqat, ona tilimizga muhabbatni odamlarning samimiy suhbatlarida koʻrib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. Zero, til inson qiyofasi va ichki goʻzalligini namoyon etadigan eng goʻzal tuygʻudir. Oʻz tiliga muhabbatli inson xalqini, vatanini, qadriyatlarini, madaniy merosini ham eʼzozlaydi. Alisher Navoiy bobomiz bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” deya yozmagan.

 

TIQXMMI Buxoro filiali matbuot xizmati