Zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llash - suv resurslaridan samarali foydalanish garovi

Joriy yilning 19 iyul kunisi “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakultetining “SXvaMIM” ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalariga institut o‘quv tajriba xo‘jaligida “Melioratsiya va qurilishi mashinalarini boshqarish” o‘quv amaliyotini o‘tash jarayonida institut professor-o‘qituvchilari dos. Muratov A.R., dos. Matyakubov B.Sh. va ass. A.U.Atadjanov qatnashdilar va yer tekislash ishlarini bajarishda lazerli yer tekislagichning ahamiyati, ishlash prinsipi hamda tekislash ishlarni bajarish texnologik jarayonlari bo‘yicha mahorat darsi, trening - seminarini o‘tkazishdi.

Mahorat darsini o‘tkazishda, 2019 yil 18 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida “Bek klaster” dalalarida “Paxta yetishtirish”da lazerli tekislagichlarni qo‘llash natijasida erishilgan yutuqlari to‘g‘risida, “fan-ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi” mohiyati va ahamiyati haqida tushuntirishlar berdilar. Bu sohada ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan yechimini kutayotgan muammolar, talabalar ilmiy jamiyati to‘garaklari doirasida yechilishi mumkin bo‘lgan masalar tushuntirib o‘tildi. Mazkur mavzu bo‘yicha O‘zbekiston telekanalidagi lavhalar amaliyotdagi talablarga yetkazildi. Master klass o‘tkazish jarayonida klasterlar bo‘yicha ma’lumot berilib, ularning yangi texnika va texnologiyalar bilan ta’minlanishi, ishni tashkil qilinishi, hamda talabalarni qiziqtirgan boshqa bir qator savollarga javoblar berib o‘tildi.

Amaliyotdagi talabalarga, QX-A-QX-2018-529 - sonli “Suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida egat ko‘ndalang kesimining turg‘un profilini va loyihaviy nishabligini ta’minlovchi yangi texnologiya va texnik vositani yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasi doirasida lazerli tekislagich bilan Toshkent, Buxoro, Xorazm viloyatida amalga oshirilishi belgilangan masalalar bo‘yicha ham ma’lumotlar berib o‘tildi. Master klass shaklida o‘tkazilgan seminar-trening qiziqarli va savol-javobga boy ruhda o‘tdi.

 

GMITQ va T kafedrasi dotsenti A.R.Muratov axboroti

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov