Ziyoratgohga tashrif

O`zbekiston madaniy boyliklari bilan jahonga mashhur. Uning tarixiy yodgorliklariga dunyo ahli katta qiziqish bildiradi. Birgina Toshkent viloyatining turli hududlarida ko`plab ziyoratgohlar joylashgan va ular doim mahalliy tashrif buyuruvchilar va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Zangiota tumanida joylashgan Zangiota  ziyoratgohidan ham odam qadami uzilmaydi. 22-fevral tongida "Gidromelioratsiya" fakulteti 307-guruh talabalari guruh murabbiyi Sanobar Do`stnazarova rahbarligida ushbu muqaddas qadamjoga tashrif uyushtirdilar. Ziyorat avvalida talaba-yoshlar “Zangiota” ziyoratgohining o`tmishi va buguni haqida ma’lumotga ega bo`ldilar.

Toshkent viloyatidagi XV asrga oid me`moriy yodgorlik hisoblangan Zangiota ziyoratgohi nafaqat respublikamizda, balki O`rta Osiyo xalqlari orasida alohida ahamiyatga ega. XII asrning ikkinchi yarmida yashab o`tgan Zangiota, asl ismi Oyxo`ja ibn Toshxo`ja ismli shaxs nomi bilan bog`liq bo`lib, to`q bug`doyrang tusli kishi bo`lganligi sababli odamlar orasida Zangi ota (ya`ni  qorachadan kelgan) nomi bilan mashhur bo`lgan. Shayx Arslonbobning to`rtinchi avlodi (evarasi) bo`lgan. O`z davrida Yassaviya tariqati piri murshidi darajasiga ko`tarilgan bu zot  Shosh (Toshkent) shahrining Samarqand darvoza mavzesida dunyoga kelgan. U zot o`z ilmi, mehnati, odamiyligi, hikmatlilik va rostgo`ylik fazilatlari bilan dong taratgan bo`lib, o`z davrining rivojiga ulkan hissa qo`shgan bobokalonlarimizdan biridir.

Tarixda  Zangiota  maqbarasining bunyod etilishi haqida ajabtovur rivoyatlar mavjud. Sohibqiron bobomiz Amir Temur Turkistonga borib, u yerda Xoja Ahmad Yassaviyning muborak qabrlarini ziyorat qiladilar. So`ng bu yerda  maqbara qurishga farmon beradilar. Lekin, nima uchundir ish hadeganda yurishavermaydi. Ana shunday kunlarning birida Sohibqiron tush ko`radi. Tushida nuroniy bir zot:  Ey Amir, maqbarani avval Zangi otaga qurgin, so`ng Yassaviyga qurursan  deydi. Shundan so`ng Amir Temur Zangi ota o`tgan maskanni ziyorat qilib, maqbara qurilishini boshlaydi. Bu muhtasham yodgorlik majmui keyinchalik Sohibqironning nabirasi  ulug` olim va arbob Mirzo Ulug`bek tomonidan nihoyasiga  yetkaziladi. Sobiq tuzum davrida deyarli xaroba holiga keltirilgan bu yodgorlik majmui so`nggi yillarda qayta tiklandi. Yangi qurilishlar amalga oshirildi, bog` barpo etildi. Endilikda nafaqat mamlakatimizdan, balki xorijdan ham yuzlab kishilar “Zangiota” maqbarasini ziyorat qilishga kelmoqdalar. Talabalar esa ko`tarinki ruh va xush kayfiyat bilan ziyoratni yakunladilar.

         

   TIQXMMI matbuot xizmati