Talaba yoshlar bilan hamkorlikda turli g‘oya va tashabbuslarning ijrochisi sifatida tajriba orttirgan Akmal Berdimurodov institutimizdagi 70 ta faol talaba notiqlik san’atiga qiziqib guruhga a’zo bo‘lgani haqida xabar berdi. Ular turli fakultetlardan jamlangan iqtidorli talabalar edi. Savol va javoblaridan ularning ritorika maktabiga qiziqishi yaqqol sezilib turardi. Pandemiyadan oldin ikki oy mobaynida faoliyat yuritgan notiqlik to‘garagi yana o‘z mashg‘ulotlarini boshlaganidan talabalar rosa shod bo‘lishdi. Bugun ular kasbiy faoliyatda, muloqot va muomala, ta’lim va tarbiya, liderlik va boshqaruv jarayonida ritorik mahoratning o‘rni borasida ma’lumot olishdi.
Talbalar orasida qozoq millatiga mansub ayni paytda rus maktabida tahsil olgan o‘zbek yigit va qizlari ham borligi quvonarlidir. Muhimi, qiziqish va ixlos maqsadga yetaklaydi, orzularning ro‘yobini ta’minlaydi. Davlatimiz rahbari 2019-yilning 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ijod maktabida yoshlar bilan uchrashuvlarida bunyodkor yosh avlodga, uchinchi renessansning quruvchilariga xos fazilatlar haqida so‘z yurita turib, liderlikning mohiyati kengqamrovli bilim, nutq madaniyati va notiqlik san’atini egallash ekanini e’tirof etgan edilar.
Ana shu talabni e’tiborga olgan holda, talaba yoshlar ritorika san’atining sir-asrorlarini chuqur egallashga astoydil kirishdilar. Barcha soha, jabha va kasblarning ibtidosi nutq san’ati bilan bog‘liq ekanini, talabalar ta’lim va muloqotning kaliti nutq bilan, tarbiya va muomalaning kaliti xulq bilan daxldorligini yaxshi bilib teran his etishgani e’tiborga molikdir.
TIQXMMI matbuot xizmati