O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yilning 8 oktyabrida “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Mazkur Farmonda respublikamizning kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities reytingining birinchi 1000 talik oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish va boshqa bir qator vazifalar belgilandi. 2020/2021 o‘quv yilida respublikamizning 35 ta oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tkazildi.
Joriy yilning 23 yanvar kuni institut o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i D.Xodjaevning institut huzuridagi Bishkent qishloq xo‘jaligi texnikumi jamoasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni, jumladan, kredit-modul tizimi maqsadi va mohiyati haqida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida kredit-modul to‘g‘risida tushunchalar, uni respublikamizda joriy etishdan maqsad va bu mexanizmining foydasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, unda belgilangan “o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘lish” tartibiga ham to‘xtalib o‘tildi.