Joriy yilning 20-22 may kunlari Andijonda «Yoshlar forumi Andijon 2021» festivali o’tkazildi. Andijon viloyati hokimligi, viloyat Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan forumning asosiy maqsadi viloyat maktab bitiruvchilari hamda 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz hamda uyushmagan yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni hunarga o‘rgatish bo‘yicha Andijon tajribasini keng ommaga targ‘ib etish namoyon qilindi.
Festivalning ikkinchi kuni mehmonlar Andijon shahridagi ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji negizidagi tashkil etilgan “Aholini kasb-hunarga oʻqitish markazi”ga tashrif buyurdilar. Bu yerda imtiyozli kredit olib faoliyatini yoʻlga qoʻygan uyushmagan yoshlar bilan, yosh sportchilar tomonidan koʻrgazma tashkil qilindi. Bundan tashqari forum ishtirokchilari Andijon shahridagi IT-park faoliyati bilan tanishib, bu yerda robototexnika boʻyicha respublika musobaqasida ishtirok etishdi. Forum ishtirokchilari oʻrtasida“Yoshlar forumi” yoshlar hayoti video roliklar tanlovi va yana 14 nafar ishtirokchilar bilan “Kiber sport” musobaqasi oʻtkazildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Andijon shahrining Registon maydonida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan yarmarkada bo‘lishdi. Unda maktab bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanishtirildi. Festivalning so’ngi kuni Andijon shahri markazida forum yakuniga bag‘ishlangan galakonsert o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi. Turli sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyish etayotgan yoshlar taqdirlandi va “Andijon oqshomlari” shou-konsert dasturi namoyish etildi.
TIQXMMI Qarshi filiali Yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkilotining faol a’zosi SXM yo’nalishi 2-bosqich talabasi Norov Yorqin ham ushbu forumda faol ishtirok etib qaytdi.
TIQXMMI matbuot xizmati