O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish KONSEPSIYaSI”da oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish kabi vazifalar belgilangan.
Bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “O‘quv jarayonini tashkil etish, boshqarish va monitoringini yuritishning zamonaviy axborot tizimi” mavzusi bo‘yicha onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv Akademiyasining “Boshqaruvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi mudiri, dotsent Qurbon Raxmanov oliy ta’lim muassalarida o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan elektron dasturiy ta’minotlar, shuningdek Davlat boshqaruv Akademiyasida joriy etilgan elektron axborot tizimi to‘g‘risida ma’lumot berdi hamda tajribalari bilan tanishtirdi.
Mazkur seminarni tashkil etishdan maqsad institutimizda rektorat, dekanat va kafedralarda o‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarish hamda ish yuritishning elektron platformasini yaratish, ta’lim jarayonini to‘liq elektron tizimga o‘tkazishdan iborat bo‘lib, seminarda ishtirok etgan prorektorlar, dekan va kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ushbu axborotlashgan tizim o‘quv bo‘limi, dekanat va kafedralarda o‘quv jarayonini tashkil etishni avtomatlashtirish, talabalarning o‘zlashtirishi va mashg‘ulotlarda ishtirokini hamda kontrakt to‘lovlarini monitoring qilish, professor-o‘qituvchilarining shaxsiy ish rejalari ma’lumotlarini elektronlashtirish, o‘quv yuklama soatlari va ularning bajarilishi xaqida hisobotlarni avtomatik shakllantirish kabi funksiyalarni o‘z ichiga oladi.
TIQXMMI matbuot xizmati