Joriy yilning 28-aprel kuni “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti professorlari M.Shoumarova, T.Abdillayev hamda fakultet yetakchisi R.Yigitaliyeva boshchiligida Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “ECO FLORA OLAMI” oilaviy korxona faoliyati bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu korxonada issiqxona, vermiferma, chorvachilik va parrandachilik majmuasi kabi qishloq xo‘jaligi ob’ektlari joylashgan. Korxona rahbari Ravshan Rasulov AQShda faoliyat yuritib kelib, hozirda qishloq xo‘jaligiga tegishli yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirib rivojlantirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Jumladan, Kaliforniya chuvalchanglari yordamida tabiiy biogumus olish va kartoshkani maxsus qoplar ichida yetishtirish.
Chuvalchanglar yordamida biogumus olish texnologiyasi hozirda rivojlanib borayotgan sohalardan hisoblanadi. Bizga ma’lumki, Vermifermalar foydali va yaxshi daromad keltiradigan biznesdan bittasiga aylanmoqda. Sababi, olinadigan tayyor mahsulot tabiiy va qo‘llash uchun qulay ko‘rinishda bo‘ladi. Ravshan Rasulov tomonidan kaliforniya chuvalchanglarini parvarish qilish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ularni oziqlantirish, maxsus iqlim yaratish, tayyor mahsulotni yig‘ib olish va boshqa jarayonlar haqida so‘z bordi.
Suhbat jarayonida professorlarimiz korxonada Vermifermaning ishlarini mexanizatsiyalash bo‘yicha fikrlar bildirishdi va albatta institut va korxonaning kelajakdagi hamkorligi bo‘yicha takliflar ma’qullandi.
“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti yetakchisi R. Yigitaliyeva axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati